REFERENDUM O‘TKAZILISHIDA QANDAY O‘ZGARISHLAR BO‘LADI?

Жамият

Referendum – (lot. referendum — bildirilishi kerak bo‘lgan) — bu O‘zbekiston Respublikasining qonunlarini va boshqa qarorlarni qabul qilish maqsadlarida jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari yuzasidan fuqarolarning umumxalq ovoz berishidir.

Ana shunday umumxalq ovoz berish jarayonlari xalqimizning xech bir qatlamini befarq qoldarmasligi lozim. Chunki, erkin va demokratik davlatda yashayotgan har bir fuqaro referendumda ishtirok etishi o‘zining konstitutsiyaviy huquqidir.

Joriy 2022-yilda davlatimiz va xalqimiz hayotida Konstitutsiyaviy islohotlarni umumxalq referendumi orqali amalga oshirilishi bilan bog‘liq katta siyosiy voqea bo‘lib o‘tadi. Xo‘sh, ana shu o‘rinda faqarolarimizda referendum bilimlari qay darajada, Unda kimlar ishtirok etadi, Konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanishlari uchun ularga nima muhim kabi savollar tug‘iladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan Qonun (O‘RQ–779-son, 16.06.2022-y.) bilan bir qator qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritildi.

“O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan ham kuzatuvchilar qatnashish huquqiga egaligi belgilandi.

Manfaatdor tashkilotlar, fuqarolar tashabbuskor guruhlari o‘z kuzatuvchilari to‘g‘risida okrug komissiyalariga referendum o‘tkazilishiga kechi bilan 10 kun qolganida ma’lum qiladi (ilgari 15 kun edi).

Shuningdek, kuzatuvchilar harbiy qismlarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan referendum uchastkalariga borishi haqida referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasini kamida 3 kun oldin xabardor qilishi kerak.

Siyosiy partiyalarning a’zolari, viloyat, tuman va shahar hokimlari, prokuratura organlarining, sudlarning mansabdor shaxslari, fuqarolarning tashabbuskor guruhi tarkibiga kiruvchi shaxslar referendum o‘tkazuvchi okrug va uchastka komissiyasining a’zosi bo‘lishi mumkin emas.

Referendum o‘tkazuvchi komissiyalarning a’zolariga referendumga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir xarajatlar smetasida ko‘rsatilgan miqdorda transport, ovqatlanish xarajatlarining va boshqa xarajatlarning o‘rnini qoplash maqsadida kompensatsiya to‘lanadi.

Referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasining xatti-harakati va qarori ustidan qonunda belgilangan tartibda sudga shikoyat qilinishi mumkinligi belgilandi.

Qonun bilan “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, saylov okrugining hududi boshqa ma’muriy-hududiy birlik tarkibiga o‘tkazilganda yoki uning hududida yangi ma’muriy-hududiy birlik tashkil etilgan taqdirda ushbu saylov okrugidan saylangan deputatning vakolatlari saqlab qolinadi.

Shuningdek, Saylov kodeksiga “Yangi tashkil etilgan ma’muriy-hududiy birliklarda mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi” hamda “O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilishi to‘g‘risida”gi Qonunga “Ma’muriy-hududiy tuzilish masalalari hal etilayotganda saylov okruglarining chegaralarini o‘zgartirish” moddalari kiritildi.

Referendumda kimlar ishtirok etadi?

Referendum o‘tkaziladigan kunga qadar yoki referendum kunida o‘n sakkiz yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasining har bir fuqarosi referendumda ishtirok etish huquqiga egadir.

O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida istiqomat qilayotgan yoki turgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi referendumda ishtirok etishga to‘la haqlidir.

Referendumda kimlar ovoz beradi?

Referendumda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan, ro‘yxat tuzilayotgan vaqtda mazkur referendum uchastkasi hududida doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilib kelayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ovoz beruvchi fuqarolar ro‘yxatiga kiritiladi.

Ro‘yxatga ovoz beruvchi har bir fuqaroning familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi va turar joy manzili kiritiladi.

Har bir fuqaro ovoz beruvchilarning faqat bitta ro‘yxatiga kiritilishi mumkin.

Ovoz beruvchi fuqarolarning ro‘yxatlari O‘zbekiston Respublikasi saylovchilarining yagona elektron ro‘yxati asosida tuziladi.

Referendum jarayonida joylarda Adliya organlarining o‘rni qanday?

Mazkur siyosiy tadbirni yuksak saviyada o‘tkazish fuqarolarimizning faolligi va fuqarolik burchini chuqur anglashi hamda siyosiy yetukligini namoyon etishiga bog‘liqdir.

Referendum jarayonlarida har bir fuqaroning shaxsan o‘zi ishtirok etishi orqali o‘z siyosiy irodasini namoyon qilishini targ‘ib qilish, ularning huquqiy bilimlarini yuksaltirish adliya organlarining oldida turgan muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

Shunga ko‘ra, Konstitutsiyaning yagona manbai va muallifi – xalqdirshiori ostida aholining referendum qonunchiligiga oid huquqiy savodxonligini oshirish yo‘lida muhim vazifalar belgilab olindi.

Ayni vaqtda viloyatimizda hududiy targ‘ibot guruhlari tuzilib, manzillar, davlat organlari, mahallalar, mehnat jamoalari kesimida targ‘ibot ishlari boshlab yuborildi. Maqsadimiz, fuqarolarning siyosiy va huquqiy bilimlarini oshirish barobarida, referendumni qonuniy o‘tishiga xissa qo‘shishdan iboratdir!

                                           E.Turdaliev

                                          Shahrixon tuman yuridik xizmat

                                           ko’rsatish markazi bosh yuriskonsulti