SAVOL BERING, JAVOB BERAMIZ

Ижтимоий-сиёсий

1-savol  O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovida ishtirok etish huquqi qanday?

Javob:  O‘zbekiston Respublikasining fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risidagi qonuniga muvofiq, Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining (bundan buyon matnda fuqarolar deb yuritiladi) ishtirok etishi ixtiyoriy va erkindir. Fuqarolarni saylovda ishtirok etishga yoki ishtirok etmaslikka majbur qilish maqsadida ularga ta’sir ko‘rsatishga, shuningdek ularning o‘z xohish-irodasini erkin bildirishiga ta’sir ko‘rsatishga hech kim haqli emas.

Fuqarolar yig‘ini raisini (oqsoqolini) saylash huquqiga saylov kuni o‘n sakkiz yoshga to‘lgan hamda shaharcha, qishloq, ovul, shuningdek shahardagi, shaharchadagi, qishloqdagi, ovuldagi mahalla hududida (bundan buyon matnda tegishli hudud deb yuritiladi) doimiy yashovchi fuqarolar ega bo‘ladi.

Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovida ishtirok etishi mumkin emas.

Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovida fuqarolarning ishtirok etish huquqlarini biron-bir tarzda bevosita yoki bilvosita cheklash taqiqlanadi.

2-Savol Qanday hollarda Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi o‘tkazilishini cheklanadi?

Javob: O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yoki ayrim joylarida joriy etilgan favqulodda holat amal qilishining butun muddati davomida fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi o‘tkazilmaydi.

3-Savol Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlarga qo‘yiladigan talablar qanday?

Javob: Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bo‘lishi, qoida tariqasida, oliy ma’lumotga ega bo‘lishi, bevosita saylovga qadar kamida besh yil tegishli hududda doimiy yashayotgan bo‘lishi, tashkilotchilik qobiliyatiga, davlat organlarida yoki nodavlat notijorat tashkilotlarida yoxud tadbirkorlik va boshqa xo‘jalik faoliyati sohasida ish tajribasiga, shuningdek hayotiy tajribaga va aholi o‘rtasida obro‘-e’tiborga ega bo‘lishi kerak.

4-Savol Kimlar fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga saylanish uchun nomzod etib ko‘rsatilishi mumkin emas.

Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan, og‘ir yoxud o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganlik uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar, shuningdek sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan, haqiqiy harbiy xizmatdagi shaxslar, diniy tashkilotlarning professional xizmatchilari fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga saylanish uchun nomzod etib ko‘rsatilishi mumkin emas.

5-Savol Qanday hollarda fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovini o‘tmagan yoki haqiqiy emas deb topiladi?

Javob Agar fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovida fuqarolar yig‘inida ishtirok etuvchilar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolarning yarmidan kamrog‘i ishtirok etgan bo‘lsa, saylov o‘tmagan deb topiladi. Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi fuqarolar vakillarining yig‘ilishlarida o‘tkazilgan taqdirda, agar yig‘ilishda hovlilar, uylar, ko‘chalardan fuqarolar vakillarining uchdan ikki qismidan kamrog‘i ishtirok etgan bo‘lsa, saylov o‘tmagan deb topiladi.

Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi davomida yoki ovozlarni sanab chiqishda yo‘l qo‘yilgan va ovoz berish yakunlariga ta’sir qilgan qoidabuzarliklar tufayli saylov sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

6-Savol Takroriy ovoz berish o’tkazish tartibi qanday?

Javob: Agar fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga ikki nafardan ortiq nomzod ko‘rsatilgan va ulardan birontasi ham saylanmagan bo‘lsa, fuqarolar yig‘ini (fuqarolar vakillarining yig‘ilishi) eng ko‘p ovoz olgan ikki nomzod bo‘yicha takroriy ovoz berishni o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Takroriy ovoz berish chog‘ida ovoz berishda ishtirok etgan fuqarolarning ovozini boshqa nomzodga nisbatan ko‘proq olgan nomzod fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga saylangan hisoblanadi.

7-Savol: Agar fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) vakolatlari muddatidan ilgari tugatilgan taqdirda qanday harakatlar amalga oshiriladi?

Javob: Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) vakolatlari muddatidan ilgari tugatilgan taqdirda, tegishli fuqarolar yig‘inlarida fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risidagi qonunining talablariga rioya etilgan holda yangi saylov o‘tkaziladi.

8-Savol  Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi natijalari ustidan kimga shikoyat qilish mumkin

Javob: Fuqarolar yig‘inining (fuqarolar vakillari yig‘ilishining) fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi natijalari bo‘yicha qarori ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.

Shahrixon tuman yuridik xizmat ko’rsatish
markazi bosh yuristkonsulti E.Turdaliyev