SAVOL BERING, JAVOB BERAMIZ

Жамият

Savol: kimlar ishsiz deb hisoblanadi?

Javob: «Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi qonunning 3-moddasiga ko‘ra, 16 yoshdan to pensiya bilan ta’minlanish huquqini olishgacha bo‘lgan yoshdagi, haq to‘lanadigan ishga yoki daromad keltiradigan mashg‘ulotga ega bo‘lmagan, ish qidirayotgan va ish taklif etilsa, unga kirishishga tayyor bo‘lgan yoxud kasbga tayyorlashdan, qayta tayyorlashdan o‘tishga yoki malakasini oshirishga tayyor bo‘lgan, ishga joylashishda ko‘mak olish uchun mahalliy mehnat organlariga murojaat qilgan va ular tomonidan ish qidiruvchi sifatida ro‘yxatga olingan mehnatga layoqatli shaxslar (ta’lim muassasalarida ta’lim olayotganlar mustasno) ishsiz deb e’tirof etiladi.

Savol: Qaysi toifadagi shaxslarni ishga joylashtirish qo‘shimcha ravishda kafolatlanadi?

Javob: “Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi qonunning 7-moddasiga ko‘ra: ijtimoiy himoyaga muhtoj, ish topishda qiynaladigan va mehnat bozorida teng sharoitlarda raqobatlashishga qodir bo‘lmagan shaxslarga, shu jumladan 14 yoshga to‘lmagan bolalari va nogironligi bo‘lgan bolalari bor yolg‘iz ota, yolg‘iz onalarga hamda ko‘p bolali ota-onalarga,  o‘rta maxsus ta’lim muassasalarini tamomlagan yoshlarga, shuningdek kasb-hunar ta’limi muassasalarining va oliy ta’lim muassasalarining davlat grantlari bo‘yicha ta’lim olgan bitiruvchilariga, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlaridan muddatli harbiy xizmatdan bo‘shatilganlarga, nogironligi bo‘lgan shaxslarga va pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslarga, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan yoki sud qaroriga ko‘ra tibbiy yo‘sindagi majburlov choralariga tortilgan shaxslarga, odam savdosidan jabrlanganlarga nisbatan ishga joylashtirishda davlat qo‘shimcha kafolatlarni ta’minlaydi.

Savol: Ishsiz shaxslarga qanday moddiy kafolatlar mavjud?

Javob: Davlat ishsiz shaxslarga quyidagilarni kafolatlaydi: ishsizlik nafaqasi to‘lash, mehnat organlarining yo‘llanmasi bo‘yicha kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash yoki malaka oshirish davrida stipendiya to‘lanishi hamda shu davrni umumiy mehnat stajiga qo‘shish, ishsiz shaxsga qaramog‘idagilarini hisobga olgan holda moddiy yordam berish, haq to‘lanadigan jamoat ishlarida qatnashish imkoniyati, mehnat organlarining taklifiga binoan ishlash uchun ixtiyoriy ravishda boshqa erga ko‘chish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash.

Savol: Ishsizlik nafaqasi kimlarga tayinlanadi?

Javob: Ishsizlik nafaqasi ishsiz deb e’tirof etilgan shaxslarga tayinlanadi. Ishsizlik nafaqasi ko‘pi bilan: ishdan va ish haqidan (mehnat daromadidan) mahrum bo‘lgan yoki uzoq (bir yildan ortiq) tanaffusdan keyin mehnat faoliyatini qayta boshlashga harakat qilayotgan shaxslarga 12 oylik davr mobaynida
26 kalendarь hafta, ilgari ishlamagan va birinchi bor ish qidirayotgan shaxslarga esa 12 oylik davr mobaynida 13 kalendarь hafta to‘lanadi.

Savol: 3 yoshga to‘lmagan bolasi bor byudjet tashkilotlarida ishlaydigan ayollarga haftasiga ish soati qancha?

Javob: 3 yoshga to‘lmagan bolalari bor, byudjet hisobidagi muassasa va tashkilotlarda ishlayotgan ayollarga ish vaqtining haftasiga 35 soatdan oshmaydigan qisqartirilgan muddati belgilangan.

Shahrixon tuman yuridik xizmat

ko‘rsatish bosh yuristkonsulti                 
 M.Abdivoxobov