SAVOL BERING, JAVOB BERAMIZ

Жамият

1-savol

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil mehnat stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlarni davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish tartibini tasdiqlash haqida”gi 322-son qarori ko’ra, mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil mehnat stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlarga tavsiyanomani berish qanday tartibda amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 9-iyundagi 322-sonli “Mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil mehnat stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlarni davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish tartibini tasdiqlash haqida”gi qarorining 1-ilovasiga asosan, tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlari talabgorga tavsiyanoma berish masalasini ko‘rib chiqish uchun har yili 25 aprelga qadar ishchi guruhlarni tashkil etadi.

Tavsiyanoma olish uchun talabgor doimiy yashash yoki vaqtincha ro‘yxatda turgan joyidagi tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlari (ishchi guruh)ga har yili 1 maydan 1 iyunga qadar ushbu Nizomga 2-ilovada keltirilgan shaklga muvofiq ariza bilan murojaat qiladi.

Ushbu bandda ko‘rsatilgan muddatdan kechikib berilgan arizalar ko‘rib chiqilmaydi.

Ishchi guruhlar tavsiyanoma olish maqsadida murojaat etgan talabgorlarning ariza va unga ilova qilingan hujjatlarini mazkur Nizomning 3-bandida belgilangan mezonlarga muvofiqligi yuzasidan har yili 1 iyundan 7 iyunga qadar ko‘rib chiqadi.

Bunda ishchi guruhlar tomonidan mazkur Nizomning 3-bandida ko‘rsatilgan mezonlarni tasdiqlovchi ma’lumotlar va elektron shakldagi hujjatlar (mehnat stajini tasdiqlovchi ma’lumotlar, o‘rta maxsus ta’lim muassasasida o‘qiganlikni tasdiqlovchi arxiv ma’lumotnomasi) «Elektron hukumat» tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi hamda «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksi orqali olinadi.

«Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksi joriy qilingunga qadar ishlagan va 2020 yil 1 yanvardan keyingi davrda mehnat faoliyatini olib bormayotgan talabgorlarning ish staji ma’lumotlari (agar «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksida qayd etilmagan bo‘lsa) ularning mehnat daftarchalaridagi yozuvlar asosida olinadi.

Talabgorlarning o‘zlari tomonidan «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksiga kiritilgan va bugungi kunda tizimda tasdiqlanmagan ish staji ma’lumotlari mehnat daftarchalaridagi yozuvlar bilan bir xil bo‘lgan taqdirda inobatga olinadi.

2-savol

Mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil mehnat stajiga ega bo‘lgan talabgorlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi qanday amalga oshiriladi.

Tavsiyanomaga ega bo‘lganlar davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga o‘qishga qabul qilish uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatlarda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining rasmiy veb-sayti orqali ro‘yxatdan o‘tadi.

Tavsiyanomaga ega bo‘lgan xotin-qizlarning imtiyozlari haqidagi ma’lumotlar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining (keyingi o‘rinlarda — Davlat test markazi) maxsus dasturi orqali ro‘yxatdan o‘tish jarayonida talabgorlarning shaxsiy kabineti (imtiyozlar bo‘limi)da shakllanadi.

Davlat test markazi 10 kun muddatda talabgorlarning shaxsiy kabineti (imtiyozlar bo‘limi)da tavsiyanomaga ega bo‘lgan xotin-qizlarning imtiyozlari haqidagi ma’lumotlar qayd etilishi yuzasidan rasmiy dasturga o‘zgartirishlar kiritadi.

Talabgorlarning shaxsiy kabinetida unga tegishli tavsiyanoma haqida ma’lumot mavjud bo‘lmasa, Qo‘mitaga murojaat qiladi.

3-savol

Mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil mehnat stajiga ega bo‘lgan talabgorlarning test sinovida ishtirok etishi va natijalarni e’lon qilish tartibi qanday

Tavsiyanomaga ega bo‘lgan xotin-qizlar uchun tanlovlar umumiy tartibda davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish imtihonlari (test sinovi, kasbiy (ijodiy) imtihon) doirasida o‘tkaziladi.

 Kirish imtihonlari yakunlariga ko‘ra to‘plangan ball bo‘yicha talabalikka tavsiya etilmagan, biroq to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 30 foizini va undan kam bo‘lmagan ballni to‘plagan tavsiyanomaga ega bo‘lgan xotin-qizlar ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya etilgan holda, Davlat komissiyasi tomonidan taqsimlangan alohida qabul parametrlari doirasida to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etiladi.

Kirish imtihonlarida to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 30 foizini va undan kam bo‘lmagan ballni to‘plagan, ammo talabalikka tavsiya etilmagan tavsiyanomaga ega bo‘lgan xotin-qizlar yuzasidan ma’lumotlar Davlat test markazi tomonidan ballar ketma-ketligi bo‘yicha, abiturient sifatida ro‘yxatdan o‘tish davrida tanlagan birinchi ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish imtihonlarining yakuniy natijasi e’lon qilingan kundan boshlab besh kun muddatda Qo‘mitaga taqdim etiladi.

Tavsiyanomaga ega bo‘lgan xotin-qizlar uchun ajratilgan alohida qabul parametrlari doirasida, ballar ketma-ketligi bo‘yicha abiturient ro‘yxatdan o‘tish davrida tanlagan birinchi ta’lim yo‘nalishiga tanlov natijasi asosida talabalikka tavsiya etiladi.

Shahrixon tuman adliya bo`limi,

Yuridik xizmat ko`rsatish markazi

bosh yuristkonsulti Muhtarov Davlatbek Otabek o`g`li