ASAKADA 362 NAFAR NOGIRON  FARZANDI BOR AYOLLARGA PARVARISHLASH NAFAQASI KAM TO‘LANGANLIGI ANIQLANDI

Жамият

Asaka tuman adliya bo‘limi ish yurituviga Asaka tuman Yangi Arg‘in  ko‘chasi 151-uyda yashovchi fuqaro N.R ning murojaati kelib tushgan.

            Fuqaro N.R mazkur murojaatida bir nafar nogiron farzandi borligini, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga asosan nogiron farzandining parvarishi uchun xar oyda 500 ming so‘m miqdorida  nafaqa olish maqsadida Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Asaka tuman bo‘limiga murojaat qilgan bo‘lsada lekin jamg‘arma tomonidan ushbu ayolga faqat 183 ming so‘m miqdorida parvarishlash nafaqasi berilganligini va shu sababli mazkur jamg‘armadan qolgan 317 ming so‘m miqdorini undirib berishlikda amaliy yordam berishlikni so‘ragan.

   Tuman adliya bo‘limi tomonidan, mazkur murojjatni o‘rganish davomida Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Asaka tuman bo‘limi tomonidan fuqaro N.R ga parvarishlash nafaqasi tayinlashda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 17 fevraldagi PF-74-sonli Farmon talablariga rioya qilinmaganligi ma’lum bo‘ldi.

Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 17 fevraldagi PF-74-sonli farmonida 2022 yil 1 apreldan boshlab:

         “o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning (keyingi o‘rinlarda — o‘zgalar parvarishiga muhtoj bolalar) parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga har oyda 500 000 so‘m miqdorida nafaqa to‘lovi (keyingi o‘rinlarda — parvarishlash nafaqasi) joriy etiladi” deb ko‘rsatilgan.

Bundan tashqari, tuman adliya bo‘limi tomonidan mazkur murojaatni o‘rganish davomida Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Asaka tuman bo‘limi tomonidan jami 362 nafar o‘zgalar parvarishiga muhtoj bolalarni parvarishi bilan band bo‘lgan ayollarga jami 250 mln so‘m miqdorida parvarishlash nafaqasi kam to‘langanligi ma’lum bo‘ldi.

          Yuqoridagilariga ko‘ra, tuman adliya bo‘limi tomonidan Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Asaka tuman bo‘limiga taqdimnoma kiritilgan va natijada 362 nafar nogiron  farzandi bor ayollarga jami 250 mln so‘m miqdorida kam to‘langan parvarishlash nafaqasi qayta to‘lab berilishi ta’minlandi.

Asaka tuman adliya bo‘limi