YANGI QABUL QILINGAN QONUN MAZMUN-MOHIYATI

Жамият

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish mexanizmlarini takomillashtirish va ushbu sohada jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 240-sonli qarori 2022-yil 11-mayda qabul qilingan.

Qarorga koʻra, davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaning oldini olish yuzasidan davlat organlari tomonidan oʻz funksiyalarini amalga oshirishda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash va bartaraf etish tizimini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida, shuningdek, 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasiga muvofiq 2022-yil 1-sentyabrdan boshlab, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shu jumladan ularning hududiy boʻlinmalari, davlat unitar korxonalari va muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlarning faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni majburiy aniqlash va baholash, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash natijalari boʻyicha ushbu xavf-xatarlarni bartaraf etish choralarini tizimli ravishda koʻrish maqsadida “Korrupsiyaga moyil boʻlgan munosabatlar elektron reyestri”ni shakllantirish va yuritish, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish, inson omilini qisqartirish va tegishli tartib-taomillar va funksiyalarni raqamlashtirish, shaffoflikni taʼminlash, jamoatchilik nazoratini yoʻlga qoʻyish orqali bartaraf etishni nazarda tutuvchi “E-Antikorrupsiya” loyihasi toʻliq ishga tushirilishi belgilangan.

Shuningdek, qarorda loyiha “E-Anticor.uz” elektron platformasida amalga oshirilishi, reyestrni shakllantirish va yuritish Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi  tomonidan amalga oshirilishi va Internet tarmogʻida ochiq eʼlon qilib borilishi lozimligi belgilangan.

Qarorda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash doirasida davlat tashkilotlari tomonidan ularga yuklangan har bir funksiya korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash yuzasidan Agentlik va Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash uslubiyotiga muvofiq tahlil qilib borilishi, davlat tashkilotlari tomonidan oʻziga yuklangan funksiyalar va ularni amalga oshirish mexanizmlari yuzasidan maʼlumotlar shakllantirilib, ochiq eʼlon qilib borish, eʼlon qilingan maʼlumotlar yuzasidan fuqarolarning takliflarini onlayn rejimda qabul qilish imkonini yaratgan holda ijtimoiy soʻrovlar va mustaqil ekspertlar ishtirokida muhokamalar oʻtkazish, har bir funksiyaning korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi “past”, “oʻrta” va “yuqori” oʻlchovlarida “E-Anticor.uz” elektron platformasida baholab borish, har bir funksiya boʻyicha aniqlangan korrupsiyaviy xavf-xatarlarning tavsifi va darajasi, ularni bartaraf etish boʻyicha choralarni oʻz ichiga oluvchi korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasini tuzish amaliyoti yoʻlga qoʻyilishi, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash natijalari boʻyicha tuziladigan korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritalari asosida Reyestr yuritilib, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish tadbirlarini bajarish holati                    “E-Anticor.uz” elektron platformasida eʼlon qilib borish tartibi oʻrnatilish koʻrsatilgan.

Qabul qilingan qarorga asosan quyidagi tartib oʻrnatilishi belgilangan:

-Davlat tashkiloti faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni (yillik) baholash va korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritalarini Reyestrga kiritish har yili 1-martga qadar amalga oshirish, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash davlat tashkilotlari tarkibiy boʻlinmalari rahbarlarini jalb qilgan holda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari tomonidan tashkil etiladi. Bunda, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari mavjud boʻlmagan davlat tashkilotlarida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash uchun ularning tarkibiy boʻlinmalari rahbarlaridan iborat ishchi guruhlar tashkil etilishi mumkin.

-Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni mustaqil baholash maqsadida davlat tashkilotining faoliyati ushbu tashkilot bilan kelishilgan holda mustaqil tashkilot tomonidan tashqi baholashdan oʻtkazilishi mumkin. Bunda, tegishli davlat tashkiloti faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash qoniqarsiz amalga oshirilgan deb topilgan taqdirda, Agentlik koʻrsatmasiga asosan uning faoliyati tashqi baholashdan oʻtkazilishi shart.

-Davlat tashkilotlarining rahbarlari oʻzlariga yuklangan funksiyalarda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholashni oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazish uchun shaxsan javobgardir.

Bundan tashqari, qaror bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi, Agentlik, Adliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga bir qator vazifalar yuklatilgan hamda korrupsiyaga moyil boʻlgan munosabatlarni bartaraf etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi va davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash ishlarini tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan.

Buloqboshi tuman

adliya boʻlimi

yetakchi maslahatchisi   A.Abidov